#ona_tilim_faxrim Til – millatning bebaho mulki

Barchangizga ma`lumki, 1989-yil 21-oktabrda o`zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Shu ulug` sanadan boshlab,  tilshunoslik sohasida juda ko`plab amaliy ishlar bajarildi. 1992-yil  8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida shuningdek, 1995-yil 21-dekabrda yangi tahrirdagi 24 moddadan iborat “Davlat tili to`g`risida” gi Qonunning 1-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o`zbek tilidir” deb belgilab qo`yildi.  Unda nafaqat o`zbek tilining balki, boshqa tillarning ham qo`llanilish jarayoni mustahkamlab qo`yildi. Mazkur qonunlarni qabul qilishda ko`p millatli xalqimizning xohish-irodasi hisobga olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  2019-yil 4-oktabrda “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligini munosib nishonlash to`g`risida”gi qarori imzoladi.

Ushbu qaror ijrosini ta`minlash maqsadida Qoraqalpoq davlat universitetida ham ko`pgina muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Talabalar o`rtasida ko`rgazmalar, insholar va maqolalar tanlovi, imlo savodxonligini aniqlash maqsadida o`tkazilgan diktantlar, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar shuningdek, o`zbek tili fan oyligi doirasida o`tkazilgan tadbirlar barchaning diqqat markazida bo`lmoqda.

19-oktabr kuni  universitet madaniyat saroyida  “Til borki, millat barhayot” deb nomlangan ilmiy-amaliy anjuman o`tkazildi. Anjuman ikki qismdan: ma`ruzalar va badiiy qismdan  iborat bo`ldi.

Ustozimiz Kumush Rajapova va Otabek Yuldashevlar boshchiligida tayyorlangan badiiy qismda millatlar do`stligiga alohida e`tibor berildi. O`zbek, rus, ingliz, qoraqalpoq, qozoq va turkman tillarida so`zlashuvchi talabalar tomonidan “Davlat tili to`g`risida”gi Qonunning moddalari sahna ko`rinishlari orqali ko`rsatib berildi. Turli millatga mansub talabalar o`zlarining milliy raqslarini namoyish qilishdi. Ishtirokchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg`alar bilan taqdirlanishdi.

Bayram tadbiri fakultetlarda davom ettirildi. O`zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri f.f.n. dotsent Ilhom Qurbonboyev va Ra`no Madaminova boshchiligida ekonomika fakultetida ham ajoyib bayram tadbiri uyushtirildi. “O‘zbek tili – davlat tili” mavzusida ochiq dars o`tildi.

Bayram tadbiri joylarda ko`tarinki ruhda davom etmoqda…

Bahriddin Abdulamitov,

O‘zbek filologiyasi fakulteti Yoshlar ittifoqi boshlang`ich

tashkiloti yetakchisi.