«Millat madaniyati takomilida Alisher Navoiy adabiy merosining o‘rni»

Joriy yilning 7 fevral sanasida universitet Madaniyat saroyida buyuk mutafakkir, nafosat mulkining sultoni, yirik davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi munosabati bilan  ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi.

Anjumanni Qoraqalpoq davlat universiteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori v.v.b. I.Jumaniyozov kirish so‘zi bilan ochib berdi.U o’z so’zida odatda, jahon afkor ommasi muayyan xalqni uning buyuk siymolari yordamida taniydi. Bu bejiz emas, albatta! Negaki, millat madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotida salmoqli o‘rin tutadigan tarixiy shaxs muntazam ravishda zamon, makon va imkon chegaralarini kengaytirishga intiladi. Shu ma’noda, millat falsafasi asoschisi, nutq madaniyati islohotchisi, eski o‘zbek tili  va adabiyoti shuhratini ko‘klarga ko‘targan ulug‘ zot, buyuk jamoat va davlat arbobi Alisher Navoiy nomini eshitgandayoq  jahon tamadduni ko‘z o‘ngida o‘zbek mentaliteti gavdalanadi deya ta’kidlab o’tdi. Shundan so’ng  Qoraqalpog’iston yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov “Alisher Navoiy va turkiy xalqlar adabiyotida ijodiy hamkorlik masalasi”, Navoiyshunos, shoir A.O‘tepbergenov “Hozirgi zamon qoraqalpoq lirikasida  Alisher Navoiy an’analari”, O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti H.Abdullayev “Alisher Navoiy ijodida aql va ilm-u hunar tavsifi”, Turkman tili va adabiyoti kafedrasi assistent-o’qituvchisi S.Avezqlicheva “Alisher Navoiy va turkman adabiy muhiti  mavzularida ma’ruzalar qilishdi.

Badiiy qismda O‘zbek filologiyasi fakultetining talabalari Navoiy bobomizning «Hayrat ul-abror» va «Sab’ai sayyor» dostonlaridan sahna ko‘rinishlarini tomashabinlar e’tiboriga havola etishdi.

Bundan tashqari mahorat bilan ijro etilgan kuy-qo’shiqlar va mumtoz raqslar barchaga a’lo kayfiyat ulashdi.

Matbuot xizmati.